Google kompaniyasi 15-oktabr kuni o‘zining yangi Nexus 6 smartfonini taqdim etdi. Bu haqda The Verge ma’lumotiga asoslanib “Parol” nashri xabar berdi.
Ushbu gadjet Google’ning eng katta displeyli Nexus smartfoni bo‘ldi. Unda 6 dyuymli Quad HD displey, 2,7 GGs chastotaga ega to‘rt yadroli Snapdragon 805 protsessori, 2 megapikselli old va 13 megapikselli orqa kamera, 32 yoki 64 Gb ichki xotira, 3220 mA·soat quvvatga ega batareya o‘rnatilgan.
Yangi Nexus 6 smartfoni Motorola kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va u Motorola’ning Moto X smartfoni bilan o‘xshash. Nexus 6 smartfoni xuddi Moto X kabi metal ramkaga ega. Shuningdek, unda Motorola logotipi ham mavjud.
Nexus 6 smartfoni 15-oktabr kuni taqdim etilgan Android 5.0 Lollipop operatsion tizimida ishlaydi. Ushbu smartfonni 29-oktabrdan buyurtma qilish, noyabr oyidan boshlab 649 dollar narxda sotib olish mumkin bo‘ladi.
Smartfonda Android’ning yangi versiyasida bo‘lgani kabi batareya umrini qayta zaryadlashgacha 90 daqiqaga uzaytirish imkoniyati, Motorola’ning Turbo Chargers — smartfonning 6 soat ishlashiga yetadigan quvvatini 15 daqiqada batareyaga to‘plash funksiyasi mavjud.
Google Nexus 6 smartfonining rasman tasdiqlangan suratlarini “Parol” nashrining ushbu fotojamlanmasida tomosha qilishingiz mumkin.
Izoh (0)