Uzoq paytli sinov va tekshirishlardan so‘ng, 15-oktabr kuni Google kompaniyasi Android 5.0 Lollipop operatsion tizimini rasman e’lon qildi. Bu haqda The Verge ma’lumotiga asoslanib “Parol” nashri xabar berdi.
Android’ning yangi versiyasi ilk faoliyatini Nexus 6 smartfoni, Nexus 9 plansheti va Nexus Player televizorlarida boshladi. Yaqin orada esa ushbu versiya Nexus 4, Nexus 5, Nexus 7, Nexus 10 va boshqa Android qurilmalari uchun foydalanishga topshiriladi.
Google Material Design deb nomlagan konsepsiyasida Android’ning yangi versiyasi ko‘zga aniq tashlanadigan bir qancha o‘zgarishlar, yangi animatsiyalar, qalinroq ranglar bilan tiniq dizayn va ovoz yordamida qurilmani boshqarishning yangi usullariga ega. Material Design konsepsiyasi biz kundalik foydalanadigan smartfon, planshet, media buyumlari va boshqa qurilmalarni birlashtirish ma’nosini bildiradi.
Shuningdek, yangi Android versiyasida bildirishnomalarni majlis yoki boshqa paytlarga moslash uchun yangi sozlamalar qo‘shilgan. Batareya quvvatini tejashda esa smartfonning qayta zaryadlashgacha bo‘lgan umrini yana 90 daqiqaga oshirish mumkin. Qurilmani yangi ishlab chiqarilgan holati — Factory Defaults’ga keltirish uchun esa qo‘shimcha to‘siqlar qo‘yilgan. Bu bilan qurilma o‘g‘irlansa, undan foydalanishlariga qiyinchiliklar keltirib chiqaradi.
Android 5.0 Lollipop operatsion tizimida 2011-yil taqdim etilgan Android 4.0 Ice Cream Sandwich’dan ko‘ra ko‘proq va ulkan o‘zgarish hamda yaxshilanishlarni ko‘rish mumkin. Google kelajak uchun operatsion tizim ishlab chiqmoqda. U biz foydalanadigan, bir-biri bilan bog‘langan har bir qurilmada Android bo‘lishini istaydi. Lollipop esa bunga ilk qadamlardan biri bo‘ldi.
Shuningdek, 15-oktabr kuni Google kompaniyasi yangi Nexus 6 smartfoni hamda Nexus 9 planshetlarini ham taqdim etdi.
Izoh (0)