Toshkent shahar hokimligi Axborot xizmati rahbari Husan Ermatov jurnalistlardan faqat press-relizlarga asoslanib qolmaslikni so‘radi, deb xabar bermoqda “Kun”.
“Biz, shahar hokimligi Axborot xizmati, matbuot anjumanlarida ortiq press-reliz tarqatmaslikni o‘ylab turibmiz”, – dedi Husan Ermatov 10-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.
“Masala shundaki, Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan bir qator tadbirlarimizdan so‘ng, deyarli barcha nashrlarda [shahar hokimligi Axborot xizmati tomonidan tarqatilgan press-relizlarga asoslanib] bir xil gap-so‘zlar yozildi. Vaholanki, biz har bir nashr o‘z yo‘nalishi, ixtisosligidan kelib chiqib, tadbirlarni kengroq yoritishlarini juda ham istardik”, – dedi Toshkent shahar Axborot xizmati rahbari Husan Ermatov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent hokimligi noyabrdan bir oyga rejalashtirilgan poytaxt ko‘chalaridagi qurilish va ta’mirlash ishlari ro‘yxatini e’lon qila boshlashini ma’lum qilgan edi.