Rossiya brigadasi tarkibida Gvineyada ishlagan Novosibirskdagi “Vektor” virus markazining olimlari Ebola virusining tarqalishiga imkon tug‘dirayotgan mahalliy turmush tarzidan hayratga tushdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
“Ko‘chada ketayotib qarovsiz jasadlarni ko‘rasiz, hech kim ularga yaqinlashmaydi. Yoki ularning kulbasidagi kundalik shart-sharoitni ko‘rib hayratga tushasiz”, — deb ta’kidladi markaz bosh direktori Valeriy Mixeyev.
Infeksiya o‘chog‘i bo‘lgan Afrika mamlakatlari uchun aholining yuqori zichligi, ularning turmush tarzi va urf-odatlarini hisobga olgan holda, Ebola epidemiyasi haqiqatan ham katta ahamiyatga ega, deb qayd etdi bosh direktor.
Viruslar bo‘yicha rossiyalik mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, Ebolaning jadal sur’atlarda tarqalishi, asosan, rivojlanmay qolgan tibbiyot sohasi, shuningdek, o‘layotgan kishining qarindoshlari majburiy tarzda uni o‘pishi kerakligi kabi urf-odatlar tufayli kelib chiqmoqda.
Ebola virusi G‘arbiy Afrika bo‘ylab jadal sur’atlarda tarqalmoqda. Ayni damda kasallikni yuqtirib olish holatlari Liberiya, Syerra-Leone, Gvineya, Nigeriya va Senegalda kuzatilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, bezgak natijasida to‘rt mingdan ortiq kishi — sakkiz mingga yaqin kasallanganlarning har ikkisidan biri vafot etgan. Virusga qarshi samarali vaksina hali yaratilganligicha yo‘q.
Izoh (0)