O‘zbekistonlik FIFA referisi Valentin Kovalenko shu yilning 22-noyabr kuni Singapurda start oladigan Suzuki Cup bahslariga taklif etildi. Bu haqda O‘zbekiston Futbol federatsiyasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Janubi-sharqiy Osiyo mintaqasining jami sakkizta terma jamoasi ishtirok etadigan mazkur turnirda Kovalenko brigadasi ikkita o‘yindan iborat final uchrashuvinining ilk o‘yinini boshqaradi. Finalning ilk uchrashuvi 17-dekabr kuni bo‘lib o‘tsa, javob bahsi 20-dekabr kuni o‘tkaziladi. Ilk o‘yinda Kovalenkoga qanotlarda Ma’mur Saidqosimov hamda Jahongir Saidov yordam beradi. O‘zbekistonlik yana bir FIFA referisi Vladislav Seytlin esa uchrashuvda zaxira hakami sifatida ishlaydi.
Ta’kidlash joiz, Suzuki Cup turnirining guruh o‘yinlarida o‘zbekistonlik yana bir FIFA referisi — Ilgiz Tantashev ham hakamlik qiladi. Tantashev musobaqaning guruh bosqichi o‘yinlarida o‘z yordamchisi Ruslan Serazetdinov bilan uchrashuvlarni boshqaradi.
Ma’lumot o‘rnida, Suzuki Cup turnirida bu yil jami sakkizta terma jamoa ikki guruhga bo‘lingan holda ishtirok etadi. Ayni damda mazkur musobaqada ishtirok etuvchi oltita terma jamoaning nomi ma’lum. Bular — Vyetnam, Filippin, Indoneziya, Singapur, Malayziya va Tailand terma jamoalaridir. Yana ikkita jamoa nomi saralash bahslari yakuniga yetgach, ma’lum bo‘ladi. Turnir o‘yinlari 22-noyabr kuni start olsa, musobaqaning yarim final va final bahslari qisqa muddatlik tanaffusdan so‘ng, 17 va 20-dekabr kunlari o‘tkaziladi.
Izoh (0)