Qozog‘istonda yagona bo‘lgan o‘zbek teatri – Chimkent shahridagi Janubiy Qozog‘iston viloyat o‘zbek drama teatri o‘z saytini ishga tushirdi, deb xabar bermoqda Kun.uz.
Sayt o‘z faoliyatini 1-oktabrdan yo‘lga qo‘ygan. Unda teatrdagi so‘nggi yangiliklar, teatr afishasi, repertuari, aktyorlar tarkibi, shuningdek, teatr tarixi va unda qo‘yilgan spektakllar galereyasi bilan tanishish mumkin. Sayt o‘zbek va qozoq tillarida yuritiladi.
“Bu saytni yo‘lga qo‘yishimizdan maqsad, zamon bilan hamnafas bo‘lgan holda, yangi spektakllar, milliy va zamonaviy konsertlar, kundan kun ortib borayotgan yangiliklar haqida keng ommaga tezkor ravishda ma’lumot berishdir”, – deyiladi sayt xabarida.
Ma’lumot uchun, Janubiy Qozog‘iston o‘zbek drama teatri o‘zining ilk spektakllarini 2002-yildan namoyish etishni boshlagan bo‘lib, hozirgi binosiga 2003 yil oktabrida ko‘chib o‘tgan. Teatr binosi ochilishida Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev ishtirok etgan.
2014-yil sentabrida teatr o‘zining 12-mavsumini ochdi. Teatr saytidagi xabarlarga ko‘ra, noyabrda o‘zbekistonlik dramaturg Erkin Xushvaqtovning “Qalliq o‘yin” nomli sahna asari premyerasini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)