13-oktabr, dushanba kuni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi tomonidan 1941—1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni e’lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni 1941—1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, tibbiy hamda sanatoriy sog‘lomlashtirish sohasida xizmat ko‘rsatish darajasi va sifatini oshirish hisobiga ularning sog‘lig‘ini mustahkamlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida imzolandi.
Unga ko‘ra, 2015-yildan boshlab 1941—1945-yillardagi urush va mehnat faxriylari yiliga bir marta o‘zlari uchun maqbul muddatlarda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi hamda respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida bepul sog‘lomlashtirish kursidan o‘tish huquqiga ega bo‘ladi. Urush va mehnat faxriylari uchun sanatoriy- sog‘lomlashtirish muassasalariga yo‘llanmalar qiymati esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2015-yil va undan keyingi yillardagi O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti parametrlarida urush va mehnat fronti faxriylarini sog‘lomlashtirishga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish uchun mablag‘lar ajratadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi va “Nuroniy” jamg‘armasiga bir hafta muddatda urush va mehnat fronti faxriylarini sog‘lomlashtirish O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ta’minlanadigan Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashiga, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga qarashli sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarining ro‘yxatini tuzish vazifasi yuklatildi.
Shuningdek, ular sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash, ularda urush va mehnat fronti faxriylarining bekamu ko‘st sog‘lomlashtirilishini ta’minlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish choralarini ko‘radi.
Farmonda qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Moliya vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Kengashi, o‘z qaramog‘ida sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalari bo‘lgan vazirliklar, idoralar, kompaniyalar, uyushmalar va yirik korxonalar bir oy muddatda 1941—1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini o‘z qaramog‘idagi sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida sog‘lomlashtirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni ishlab chiqib, tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu Farmonga muvofiq qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.
Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. M. Mirziyoyev zimmasiga yuklatildi.
Izoh (0)