Gonkong markazida Xitoyning maxsus ma’muriy hududi hukumati rahbarligiga erkin saylovlar o‘tkazilishini talab qilayotgan minglab namoyishchilar 10-oktabr, juma kuni qayta to‘plandi. Ularning ko‘pchiligi norozilik aksiyasi uzoq davom etishini hisobga olgan holda chodir va oziq-ovqat mahsulotlari bilan tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda Korrespondent.net.
Reuters agentligi ma’lum qilishicha, namoyishlarning qayta boshlanishiga Gonkong hukumatining aksiya ishtirokchilari bilan muzokara olib borishdan bosh tortgani sabab bo‘lgan.
Shunga qaramay, rasmiy safar bilan Berlinda bo‘lib turgan XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Ketsyan Gonkong hukumatiga ishonch bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “maxsus ma’muriy hudud hukumati shahar aholisini ularning sog‘lig‘i va mulklarga zarar yetishidan himoya qiladi”.
Avvalroq namoyishchilar vaziyatga Xitoy xavfsizlik kuchlari qo‘shilishidan xavfsirayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gonkong ma’muriyati rahbari Li Chjenyin shahar ko‘chalarida davom etayotgan namoyishlarni dushanbagacha to‘xtatishni talab qilib, namoyishchilarni maktablar va hukumat muassasalarining faoliyati qayta yo‘lga qo‘yilishi uchun barcha zarur choralar ko‘rilishi bilan ogohlantirgan edi.
Gonkong aholisining hammasi ham bu namoyishlarni qo‘llab-quvvatlamayapti. 2-oktabr kuni hukumatni qo‘llab-quvvatlab 100 ming kishi namoyishga chiqqan, ular “Biz ham demokratlashuvni istaymiz, lekin tinch yo‘l bilan” mazmunidagi shiorlarni ko‘tarib olgan.
Izoh (0)