“Mamlakatimiz hayotidagi muhim ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha o‘tkaziladigan matbuot anjumanlarining yagona rejasi” ijrosi bo‘yicha Adliya vazirligi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida navbatdagi matbuot anjumani tashkil etildi. Bu haqda Adliya Vazirligining rasmiy sayti axborotiga asoslanib Xushnudbek.uz xabar bermoqda.
Matbuot anjumanida mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining qonun ijodkorligi sohasida amalga oshirayotgan ishlari yuzasidan jurnalistlarga batafsil ma’lumot berildi.Xabarda ta’kidlanishicha, hozirda adliya organlari tomonidan mahalliy davlat hokimiyati organlarining 20 turdan ortiq hujjatlari normativ-huquqiy hujjat sifatida huquqiy ekspertizadan o‘tkazib kelinmoqda. Biroq tadbirda qayd etilganidek, hali ayrim mahalliy davlat hokimiyati organlarida bu borada bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganligi aniqlanmoqda.
Adliya organlari tomonidan joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida qonun hujjatlarini turkumlash sohasidagi qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati organlariga 231 ta taqdimnoma kiritilgan bo‘lib, ushbu taqdimnomalarga asosan 310 ta qonun hujjatlariga zid ravishda qabul qilingan qarorlar bekor qilingan hamda 67 nafar mas’ul xodimlar intizomiy javobgarlikka tortilgan.
Shuningdek, matbuot anjumanida mahalliy davlat hokimiyati organlarining normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish, ularni e’lon qilish va manfaatdor shaxslar e’tiboriga yetkazish, shuningdek normativ xususiyatga ega bo‘lgan qarorlar loyihalarini adliya organlarida huquqiy ekspertizadan o‘tkazishning huquqiy asoslari, yuridik xizmatlar faoliyatini takomillashtirishning zaruriy talablari yuzasidan ishtirokchilarga atroflicha ma’lumot berildi.
Izoh (0)