BMT bosh kotibi Pan Gi Mun Liviya poytaxti Tripoliga oldindan e’lon qilinmagan tashrif bilan keldi. Bu haqda Liviyani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha BMT missiyasi vakolatxonasiga tayanib “TASS” xabar bermoqda.
Tripolida radikal ekstremistlarga sodiq bo‘lgan, o‘z qonuniy huquqlarini yo‘qotgan (Umumilliy kongress) parlament sobiq deputatlari hamda BMT homiyligidagi tinchlik muzokaralarini boykot qilayotgan Vakillar palatasi parlamentariylari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Jahon hamjamiyati tomonidan tan olingan palata va Abdulla Abdurrahmon at-Taniy tomonidan shakllantirilgan hukumat Tripolidan 1,6 km sharqda joylashgan Tobrukda yig‘ilish o‘tkazdi.
Avvalroq, Tunis tashqi ishlar vaziri Monji Xamdi bilan uchrashuvda Pan Gi Mun “Liviyadagi inqirozni bartaraf etib, mamlakatda barqarorlikni tiklash va zo‘ravonlikni tugatish uchun siyosiy muloqot zarurligi”ni ta’kidlagan edi.
BMT bosh kotibi barcha harbiy tuzilmalarni qurollarni tashlashga hamda Liviyada egallagan bir qator shahar, aeroport va binolarni tark etishga chaqirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “hech qanday harbiy aralashuv Liviyadagi ichki inqirozni bartaraf eta olmaydi”. Pan Gi Munning qayd etishicha, Liviyaga jamiyatning barcha qatlamlariga qonuniy huquqlarni taqdim etuvchi yagona parlament zarur.
O‘z navbatida, parlamentariylarning Tripolidagi vakili Liviyadagi mojarolar ildizi dinda emas, balki siyosiy tajribaning yetarli emasligida deb hisoblashini ma’lum qildi. “Liviya — musulmonlar mamlakati, ekstremistlar mamlakati emas”, — deb ta’kidladi u.
Izoh (0)