Iroq poytaxtida sodir etilgan ketma-ket portlashlar natijasida shanba kuni 30 kishi halok bo‘ldi va yana 45 kishi jarohat oldi. Bu haqda Sky News Arabia telekanali bergan ma’lumotlarga tayangan holda “TASS” xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga qaraganda, Bag‘dodning asosan shialar istiqomat qiluvchi Al Kozimiy tumanida mina o‘rnatilgan ikki avtomobil portlab ketgan. Fojia yuz bergan joy xavfsizlik xizmati tomonidan qurshab olindi, jarohatlanganlar tez yordam mashinalarida olib ketildi.
Shanba kuni avvalroq, Bag‘dod shimolida joylashgan At-Tarmiya tumanida kuchli portlash natijasida 11 kishi halok bo‘ldi, 26 kishi jarohatlandi. Xabar qilinishicha, xudkush terrorchi dam olish kuni yuzlab tinch aholi to‘plangan bozor maydonida o‘zini portlatib yuborgan. Jabrlanganlarning barchasi kasalxonaga jo‘natilgan.
Iroqdagi tugamayotgan zo‘ravonlik natijasida sentabr oyidan buyon 1100 dan ziyod kishi halok bo‘ldi va yana 1946 kishi jarohatlandi. Bu haqda Iroqqa yordam ko‘rsatish bo‘yicha BMT missiyasi bayonot berdi. Unga ko‘ra, xavfsizlik bo‘yicha eng yomon vaziyat mamlakat poytaxti, Bag‘dodda kuzatilmoqda. U yerda 352 kishi halok bo‘lgan va 983 kishi jabrlangan. Keyingi o‘rinda Saloh ad Din provinsiyasi joylashdi, u yerda 298 kishi zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan va 383 kishi jarohatlangan.
Izoh (0)