Osiyo taraqqiyot banki Termizda toza ichimlik suvi inshootlarini rekonstruksiya qilish uchun 15,5 milliard so‘m kredit mablag‘i ajratdi

Termiz shahrida toza ichimlik suvi inshootlari rekonstruksiya qilinib, sanitariya holati tubdan yaxshilanmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar beradi.

Termiz. Foto: uz24.uz

Termiz. Foto: uz24.uz

Yangi barpo etilayotgan zamonaviy oqova suv tizimi aholining markazlashgan kanalizatsiya tarmog‘i xizmati bilan ta’minlanish darajasini 51,5 foizga yetkazib, viloyat markazining sanitariya holatini yanada yaxshilaydi. Buning uchun bir kecha-kunduzda 25 ming kubmetr oqova suvni tozalash inshooti rekonstruksiya qilinmoqda. Uchta yangi kanalizatsiya nasos stansiyasi barpo etilib, bitta ana shunday inshoot qayta ta’mirlanmoqda. Osiyo taraqqiyot bankining 15,5 milliard so‘m kredit mablag‘i hisobidan amalga oshirilayotgan bu ishlar asnosida joriy yil 65 kilometr magistral va yuz kilometr ichki xizmat ko‘rsatish suv tarmoqlari rekonstruksiya qilinib, to‘qqiz yangi suv chiqarish qudug‘i barpo etilmoqda. 16 zamonaviy suv uzatish va 26 ichimlik suv chiqarish nasoslarini o‘rnatish ishlari ham uyushqoqlik bilan olib borilyapti.

Ayni paytda “Manguzar”, “Shimoliy” hamda to‘rtinchi va beshinchi kichik dahalardagi suv chiqarish va uzatish havzalari, mavjud 57 kilometr magistral va 116 kilometr ichki suv quvurlari, 22 yer osti qudug‘i orqali shahar aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmoqda. Yangi loyihaning foydalanishga topshirilishi shahar aholisiga bir kecha-kunduzda 63,5 ming kubmetr ichimlik suvi yetkazib berish imkonini yaratadi. O‘rnatilayotgan zamonaviy nasoslar iste’molchilarni uzluksiz sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlab, 30 foizdan ziyod elektr energiyasi xarajatlarini tejab qoladi.

Loyihani kelgusi yili to‘liq foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

↓ KEYINGI XABAR ↓
Boshiga chiqing