Joriy yilning 16—18-oktabr kunlari Toshkent shahridagi “O‘zbekiston” sport saroyida dzyudo kurashi bo‘yicha Gran-Pri turkumiga kiruvchi yirik xalqaro turnir o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi xabar bermoqda.
Dzyudo kurashi bo‘yicha Gran-Pri turnirlari har yili dunyoning 10 davlatida o‘tkaziladi. E’tiborlisi, ular qatoridan Toshkent shahri ham o‘rin egallagan bo‘lib, poytaxt Gran-Pri turkumiga kiruvchi xalqaro turnirga to‘rt yil davomida (2016-yilgacha) mezbonlik qiladi.
Mazkur musobaqalarning dastlabkisi 2013-yilda o‘tkazilgan bo‘lib, ushbu musobaqada dunyoning 20 ga yaqin davlat vakillari g‘oliblik uchun kurash olib borgan edi.
Bu yilgi musobaqalarda 2016-yilda o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlarining litsenziyalari uchun reyting ochkolari o‘ynalishi bois unda ishtirok etish istagida bo‘lgan davlatlar soni o‘tgan yilgiga nisbatan ikki barobar ko‘p bo‘lishi kutilmoqda.
Gran-Pri turnirining tantanali ochilish marosimi “O‘zbekiston” sport saroyida 16-oktabr kuni soat 16:15 da boshlanadi. 15-oktabr kuni soat 14:00 da esa “O‘zbekiston” mehmonxonasining majlislar zalida matbuot anjumani bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, 2013-yil Toshkentda o‘tkazilgan Gran-Pri turnirida O‘zbekiston polvonlari beshta oltin, uchta kumush va beshta bronza medalga sazovor bo‘lgan. Bundan tashqari, o‘zbekistonlik to‘qqiz nafar sportchi beshinchi, 13 nafari esa 7-o‘rinni egallagan.
Izoh (0)