O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida 9-oktabr kuni Latviya Respublikasi Seymining tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Oyars Eriks Kalninsh rahbarligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot xizmati xabar bermoqda.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan Latviya o‘rtasidagi hamkorlik parlamentarizm sohasida ham izchil rivojlanayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvda ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Muzokarada mehmonlarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar haqida ma’lumot berildi.
“Latviya O‘zbekistonni mintaqadagi muhim mamlakat, ishonchli hamkor, deb biladi, — dedi Oyars Kalninsh. — Latviya bilan O‘zbekiston o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Mazkur uchrashuv Latviya bilan O‘zbekiston o‘rtasida parlamentarizm sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashish uchun qulay imkoniyat bo‘ldi”.
Latviya delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi hamda Tashqi ishlar vazirligida ham uchrashuvlar o‘tkazdi.
Izoh (0)