Urganchlik ayol o‘zining muloyim va xushmuomala qiyofasi bilan birovlarning ishonchiga kirib, cho‘ntagidagi pulini osonlik bilan sug‘urib olardi. Aniqrog‘i jabrlanuvchining o‘zi unga pulini qo‘shqo‘llab tutqazib, keyin ololmasdan qiynalib yurardi. Hozir uning nomini eshitgan urganchliklarning peshonasi tirishadi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining “Postda” gazetasi.
Firibgar ayol o‘zini bankda, davlat idoralari va boshqa joylarda tanishlari ko‘pday ko‘rsatib, bir necha fuqaroni qarmog‘iga ilintirdi. U joriy yilning mart oyida “bankdan xorij valyutasi olib beraman” deya bir ayolni chuv tushirdi. Jabrlanuvchi haftalab, oylab kutdi, biroq firibgar ayoldan darak bo‘lmadi.
Shahardagi o‘qituvchilarning biridan besh million 800 ming so‘mni olgan firibgar “To‘y qilmoqchi ekansiz, sizga davlat kursida AQSh dollari olib beraman” deya aldab ketdi.
Uning qurbonlari faqat ayollar emas. Urganchlik Abdurahimga “Sizni bankka ishga joylab qo‘yaman” deya uning ikki ming AQSh dollarini o‘zlashtirib oldi.
Bundan tashqari, mazkur firibgar ayol Gulzor mahallasida istiqomat qiluvchi yana bir shaxsga “uy-joy olib berishda yordamlashaman” deya ishonchiga kirib, katta pulini o‘zlashtirdi.
“Yemoqning qusmog‘i bor” deganlaridek, firibgar ayolga nisbatan Urganch shahar Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borildi. Sud esa jinoyatchiga kerakli jazo tayinladi.
Izoh (0)