AQShning Delaver shtatidaga Selbivil shahrida 4 yoshli qizcha bolalar bog‘chasiga o‘zi bilan 200 dozadan ko‘proq geroin olib keldi, deb xabar bermoqda Korrespondent.net.
Bolalar bog‘chasining 4 yoshli tarbiyalanuvchisi o‘z ryukzagida oq kukun to‘ldirilgan xaltachalarni ko‘rib qolgan va ularni shirinlik deb o‘ylab, o‘rtoqlari bilan bo‘lisha boshlagan. Buni payqagan tarbiyachilar “tortiqlar”ni olib qo‘ygan hamda politsiya va tez yordamni chaqirgan.
Politsiya xodimlari xaltachalardagi modda geroin ekanligini aniqlagan. Qizcha jami 249 ta xaltacha olib kelgan bo‘lib, ularda 3,735 gramm geroin bo‘lgan. Bog‘cha tarbiyalanuvchilaridan birortasi xaltachalarni ochishga ulgurmagan.
Dastlabki tekshiruvlarda ma’lum bo‘lishicha, bir kun avval qizchaning sumkasini uydagi iti yaroqsiz holga keltirib qo‘ygan. Onasi unga bergan boshqa ryukzakda giyohvand modda saqlangan. Politsiya ayolni qo‘lga olgan va unga nisbatan giyohvand moddalarni saqlash hamda yosh bolalar sog‘lig‘iga xavf solish bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan. Ayni paytda u 6000 dollarlik garov puli evaziga ozod qilingan bo‘lsa ham, 11, 9 va 4 yoshdagi uch farzandi bilan ko‘rishish taqiqlab qo‘yilgan.
Izoh (0)