Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Margo Valstryom rasmiy Stokgolmning Falastinni davlat sifatida tan olishiga nisbatan Oq uy tomonidan qilingan tanqidlarga javoban mamlakati tashqi siyosati AQShga bog‘liq emasligini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.
“Bizning siyosatimizni AQSh belgilamaydi. Biz bunday tanqidni kutgandik. Biz ushbu qarorimizning asoslari va sabablarini tushuntirish uchun AQSh bilan konstruktiv ruhdagi dialogni davom ettiramiz”, − dedi vazir.
Juma kuni Shvetsiyaning yangi Bosh vaziri Stefan Lyoven tomonidan Falastinni davlat sifatida tan olish istagi borligi e’lon qilinishi Vashingtonning keskin tanqidiga sabab bo‘lgan edi. AQSh Davlat departamenti vakili Jen Psaki Falastinni davlat sifatida tan olishga hali erta ekanligini ta’kidlagan.
BMT Bosh Assambleyasi Falastinga “kuzatuvchi davlat” maqomini bergan va falastinliklarning Isroil tomonidan 1967-yilda egallab olingan hududlar doirasida o‘z davlatini qurish huquqini tasdiqlagan. Biroq Yevropa Ittifoqi va uning a’zolari Falastinni mustaqil sifatida tan olmay keladi.
Izoh (0)