Arxitektor va dizaynerlar jamoasi Londonda istiqomat qiluvchilar uchun Temza daryosi ustidan o‘tuvchi velosiped yo‘li qurishni taklif qilishdi. Loyiha Thames Deckway deb nom oldi. Bu haqda LookAtMe ma’lumotiga asoslanib “Parol” nashri xabar berdi.
Daryoda transport harakati uchun juda katta imkoniyat mavjud, ammo hozirda faqatgina kemadan transport sifatida foydalaniladi. Daryo ustidagi velosiped yo‘li loyihasi esa shahardagi tiqilinchlarni kamaytirishi va ekologik muammolarni hal qilishi kutilmoqda.
Dizaynerlar, ushbu yo‘l velosipedchilar uchun xavfsiz bo‘lishi haqida va’da berishdi. 12 kilometrli velosiped yo‘li suv transportlaridan yaxshi himoyalangan bo‘ladi. Yo‘lda tabiiy ofatlardan ogohlantiruvchi maxsus datchiklar o‘rnatiladi. Shuningdek, ushbu yo‘l shamol, quyosh va suv to‘lqinlaridan quvvat olib avtonom tarzda ishlay oladi.
Loyihani amalga oshirish uchun 960 million dollar zarur va hozirgi paytda pul to‘planmoqda. Loyiha asoschilarining fikricha, bu yo‘lning qurilishi uchun investorlar pul berishadi va velosipedchilarga sotilgan chiptalardan pul ishlashadi.
Londonda bir necha yildan beri velosipeddan faol foydalanish bo‘yicha targ‘ibot olib borilmoqda. Shahar meri Boris Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, 2016-yilgacha Londonning sharqidan g‘arbiga tomon 30 kilometrli velosiped shossesi qurib bitkaziladi.
Izoh (0)