O‘zbekistonlik FIFA referisi Valentin Kovalenko 10-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan Janubiy Koreya va Paragvay terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvini boshqarib borish uchun taklif oldi. Mazkur uchrashuvda Kovalenkoga qanotlarda o‘zbekistonlik FIFA laynsmenlari Jahongir Saidov va Ma’mur Saidqosimovlar yordam beradi, deb xabar bermoqda Stadion.uz.
Valentin Kovalenko hakamlik qiladigan Janubiy Koreya — Paragvay uchrashuvi 10-oktabr kuni Seul shahrida bo‘lib o‘tadi.
FIFA referisi Vladislav Seytlin boshchiligidagi o‘zbekistonlik yana bir hakamlar brigadasi esa xuddi shu kuni bo‘lib o‘tadigan BAA hamda Avstraliya terma jamoalari o‘rtasidagi xalqaro o‘rtoqlik o‘yinini boshqarib boradi. Ushbu uchrashuv BAAning Abu-Dabi shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Qayd etish joiz, 14-oktabr kuni Abu-Dabida O‘zbekiston milliy terma jamoasi BAA terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.
Ma’lumot uchun, Ravshan Ermatov boshchiligidagi o‘zbekistonlik hakamlar brigadasi 6—23-oktabr kunlari Myanmada bo‘lib o‘tadigan U-19 yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati bahslarida hakamlik qiladi.
Izoh (0)