2014-yil 3-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni komissiya raisi M.Abdusalomov boshqardi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasiga binoan parlamentning Qonunchilik palatasiga saylov 135 ta hududiy saylov okrugi bo‘yicha o‘tkaziladi.
Shu munosabat bilan Markaziy saylov komissiyasi o‘z majlisida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari takliflarini ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazish uchun saylov okruglarini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qildi. “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasiga muvofiq saylov okruglarining ro‘yxati ularning nomlari, tartib raqamlari, chegaralari va saylovchilar soni ko‘rsatilgan holda matbuotda e’lon qilinadi.
Majlisda 2014-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar Dasturi ijrosining borishi muhokama qilindi.
Majlis ishtirokchilari Markaziy saylov komissiyasi vakolatiga taalluqli boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdi.
Izoh (0)