Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanidagi “Mineral suv” sihatgohiga O‘zbekistonning turli hududlaridan tashrif buyurayotganlar soni yildan-yilga ortib bormoqda. Zamon talablari darajasida ta’mirlanib, so‘nggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan so‘lim go‘shada barcha sharoitlar yaratilgan, deb xabar beradi “Turkiston-press” nodavlat axborot agentligi.
Yaqinda sihatgoh ma’muriyati davolanuvchilarning vaqtini yanada mazmunli va maroqli o‘tkazish uchun yana bir tashabbusga qo‘l urdi. Sanatoriya hududida zamonaviy ko‘rinishga ega sun’iy qoplamali futbol va tennis maydonchalari foydalanishga topshirildi.
“Bu ishlar ro‘yobi uchun ‘Milliy bank’ning tuman bo‘limidan 200 million so‘m kredit oldik, — dedi sanatoriya direktori Javlon Jo‘rayev. — Shu mablag‘ evaziga qisqa fursatda sport maydonchalarini bunyod etdik. Endi dam oluvchilar davolanish davomida sportning futbol va tennis turlari bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ham ega bo‘ldi”.
Ayni paytda sihatgohda 90 kishi ko‘ngilli hordiq chiqarmoqda. Malakali shifokorlar tomonidan olib borilgan tibbiy muoalajalar davolanuvchilar salomatligini tiklashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Izoh (0)