O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini yoritish bo‘yicha O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, shuningdek, “Jahon” axborot agentligi bilan bitimlar imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Ushbu bitimlar saylov jarayonining ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash, O‘zbekiston va chet el jamoatchiligini O‘zbekistonda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha barcha tadbirlardan keng xabardor qilish maqsadida imzolandi.
Bitimlarda milliy saylov qonunchiligi — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi qonunlari hamda saylov jarayonini tartibga soluvchi boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini aholiga tushuntirish ishlarini samarali tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan.
Deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarga saylovoldi tashviqotini olib borishda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda bir xil efir vaqti va bosma maydoni ajratish orqali teng sharoit yaratilishiga alohida e’tibor qaratilgan.
“Ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik 2014-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar Dasturida ko‘zda tutilgan vazifalarni bajarish maqsadida amalga oshirilmoqda, — deb ta’kidladi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov. — Hamkorligimizning asosiy maqsadi — jamoatchilikni saylov kampaniyasining barcha bosqichlari haqida keng xabardor qilish bo‘yicha samarali axborot-tahlil ishlarini tashkil etish, saylovchilarga saylov to‘g‘risidagi qonunchilik qoidalarini tushuntirish, fuqarolarni siyosiy partiyalar, deputatlikka nomzodlarning saylovoldi platformalari bilan tanishtirish, saylovchilarga saylovda erkin ishtirok etish, saylov kuni ongli ravishda ovoz berish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishdan iboratdir”.
Tomonlar O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining markaziy tele- va radiokanallari, davlat bosma ommaviy axborot vositalari hamda O‘zbekiston axborot agentliklari orqali saylovga tayyorgarlikning borishi hamda uni o‘tkazishga oid axborotlarni o‘z vaqtida taqdim etish va tarqatish borasida hamkorlik qiladi.
Izoh (0)