Yaponiyadagi Ontake vulqonining otilishi o‘nlab qurbonlarga sabab bo‘lgan. Tog‘ etaklarida kamida 30 odam “yurak urishi alomatlarisiz” topilgan. Bunday nomlanishni hukumat shifokorlar tomonidan rasman tasdiqlanmagan o‘limga nisbatan ishlatmoqda, deb xabar tarqatdi Euronews.
Vulqon otilishi yuzlab turistlar va alpinistlarni sarosimaga solib qo‘ygan. Ko‘pchilik qochib qutilgan, bir necha odamga esa qutqaruvchilar yordam bergan. O‘nlab odamlar tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Hukumat tog‘da hali ham odamlar qolgan deb hisoblayapti. Qutqaruv ishlariga 550 harbiy xizmatchi jalb qilingan.
Vulqon otilishi shanba kuni boshlangan. Yakshanba kuni esa kulning balandligi 10 kilometrga yetgan. Vulqon kuli Ontakedan 100 kilometrgacha bo‘lgan radiusdagi yerlargacha tushgan.
Ontake vulqoni Yaponiyaning markaziy Xonsyu orolida, Tokiodan taxminan 200 kilometr g‘arbda joylashgan. So‘nggi marta vulqon 2007-yilda faollashgan edi.
Izoh (0)