Turkmanistonda yangi siyosiy partiya − Turkmaniston Agrar partiyasi tuzildi va unga 2012-yilgi prezidentlik saylovlarida 0,28 foiz ovoz olgan Rejep Bazarov rahbarlik qiladigan bo‘ldi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.
Partiya tuzilgani va uning rahbari to‘g‘risidagi qarorlar Ashxobodda bo‘lib o‘tgan ta’sis kengashida qabul qilingan. Shuningdek, kengash yangi partiyaning nizomi va dasturini tasdiqlagan, Markaziy kengash a’zolarini, nazorat-tekshiruv komissiyasi a’zolari va rahbariyatini saylagan.
Turkmaniston Agrar partiyasi mamlakatdagi uchinchi siyosiy partiya hisoblanadi. Dastlabki partiya 1991-yilda Kommunistik partiya negizida tuzilgan Turkmaniston Demokratik partiyasi bo‘lib, uni mamlakatning birinchi prezidenti Saparmurot Niyozov o‘z vafotigacha boshqargan. Ikkinchi partiya esa 2012-yilga kelib prezident Gurbanguli Berdimuhammedov tavsiyasi bilan tuzilgan Turkmaniston Sanoatchilar va tadbirkorlar partiyasidir.
Izoh (0)