BMT Bosh Assambleyasi 69-sessiyasi umumsiyosiy muhokamalari doirasida chiqish qilgan Koreya Xalq Demokratik Respublikasi tashqi ishlar vaziri Li Su Yon bir davlatda ikki siyosiy tuzumning birgalikda hukm surishi imkonini beradigan konfederetsiya formulasi asosida ikkala Koreyani birlashtirishni taklif qildi, deb xabar bermoqda Korrespondent.net.
“KXDR qayta birlashish turli siyosiy tizimlarning qarama-qarshiligi orqali emas, balki mamlakatda ikki tizimning birgalikda mavjud bo‘lishini ko‘zda tutadigan konfederatsiya yo‘li orqali bo‘lishi lozimligini ilgari suradi. Bu urushning oldini oladigan va tinchlikni kafolatlaydigan yagona yo‘ldir”, − dedi Bosh Assambleya minbaridan ilk marotaba nutq so‘zlagan Li Su Yon.
Shuningdek, vazir Shimoliy Koreya yadro muammosini mamlakat suverenitetiga tahdid yo‘qolgan taqdirdagina yechish mumkinligini, buning uchun AQSh tomonidan dushmanlik siyosatining tugatilishi taqozo etilishini ma’lum qilgan. Li Su Yonning ta’kidlashicha, aynan AQSh tomonidan yarim asrdan ko‘proq vaqt davomida olib borilayotgan “bo‘g‘ish siyosati” KXDRni yadro davlatiga aylanishga majbur qilgan.
Shundan so‘ng KXDR vakili avval Janubiy Koreya Tashqi ishlar vazirligini boshqargan BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bilan uchrashgan. Bosh kotib Li Su Yonning tashrifini “KXDRning BMT kun tartibiga moyilligi belgisi” sifatida baholagan va Koreya yarim orolidagi muammolarning tinch yo‘l bilan hal etilishiga umid bildirgan.
KXDR vakillari bundan oldin BMT Bosh Assambleyasi umumsiyosiy muhokamalarida 1999-yilda chiqish qilgan edi.
Izoh (0)