Birlashgan Arab Amirliklari tarixidagi harbiy xizmatga ilk chaqiriq davomida ko‘ngilli ravishda yozilgan ayollar soni 150 nafarga yetdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
31-avgust kuni xizmatga kirishgan BAA armiyasiga chaqirilganlarning ilk guruhi 7000 kishidan ortgan, ayollarning soni esa avval ma’lum qilinmagan edi. Mamlakatda harbiy xizmat 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan erkaklar uchun majburiy, ayollar uchun esa ixtiyoriy hisoblanadi.
“Ko‘ngilli ayollar harbiy xizmatni alohida lagerlarda ayol komandirlar va instruktorlar boshchiligida o‘taydi”, − dedi Milliy harbiy xizmat va zahira boshqarmasi boshlig‘i Ahmad bin Tahnun Al Nahayan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayollar katta ishtiyoq ko‘rsatmoqda va aksariyat hollarda xizmatni oxirigacha davom ettirmoqda. Avvalroq ayollar istalgan vaqtda o‘z xohishiga ko‘ra harbiy xizmatni tark etishi mumkinligi e’lon qilingan edi.
BAA prezidenti Shayx Xalifa bin Zaid Al Nahayan joriy yilning iyun oyida qurolli kuchlarda majburiy xizmat o‘tash to‘g‘risidagi qonunni imzolagan edi. Unga ko‘ra, o‘rta maktablar bitiruvchilar harbiy xizmatni 9 oy, maktabni tugatganligi to‘g‘risidagi diplomga ega bo‘lmaganlar esa ikki yil mobyanida o‘taydilar. Yuqori baholar bilan tugatganlar universitetlarga tavsiya qilinishi va harbiy xizmat chaqirig‘i kechiktirilishi mumkin.
Izoh (0)