O‘zbekiston delegatsiyasi Osiyo o‘yinlaridagi to‘qqizinchi bronza medalni qo‘lga kiritdi. Erkaklar o‘rtasida 65 kilogrammgacha bo‘lgan vaznda ishtirok etgan Ixtiyor Navro‘zov uchinchi o‘rinni egalladi, deb xabar bermoqda Stadion.uz.
Ixtiyor Navro‘zov bronza medal uchun bahsda yaponiyalik Tomotsugu Ishida bilan gilamga chiqdi. Bahsning dastlabki uch daqiqaligida durang qayd etildi — 1:1. Ikkinchi bo‘lim boshlangan paytda Ixtiyor raqibini ustidan aylantirib tashlash uslubini muvaffaqiyatli qo‘llab, yana to‘rt ballni qo‘lga kiritdi. Qolgan daqiqalarda Ishida mayda ballar orqali hisobni tenglashtirdi — 5:5. Shunga qaramay, g‘oliblik Navro‘zovga taqdim etildi.
Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasi bitta oltin, to‘rtta kumush va to‘qqizta bronza bilan umumjamoa hisobida 17-o‘rinda bormoqda.