Buyuk Britaniya Bosh vaziri Devid Kemeron Shotlandiyadagi referendumda mamlakat mustaqilligiga qarshilar g‘alaba qozonganini Yelizaveta IIga aytganida qirolichaning sevinchi ichiga sig‘maganini ma’lum qildi. Bu haqda “ITAR-TASS” agentligi xabar bermoqda.
Bosh vazirning AQShga safari davomida aytilgan ushbu gaplar aslida omma uchun mo‘ljallanmagani ta’kidlanmoqda. Kemeronning Bloomberg biznes yangiliklari agentligiga tashrifi va agentlik rahbari — sobiq Nyu-York meri Maykl Blumberg bilan suhbati chog‘ida telejurnalistlar bu so‘zlarni ham yozib olishgan.
“O‘zingni yengil his qilish shunday bo‘ladi: sen Birlashgan Qirollik Bosh vazirisan va Hazrati oliyalariga qo‘ng‘iroq qilib ‘Zoti oliyalari, hammasi joyida, hammasi okey’, deysan. Bu qandaydir o‘zgacha holat edi. U telefon trubkasida sevinchdan xirillab yubordi”, — dedi Kemeron.
Kemeron Blumbergga referendum oldidan olingan so‘rovnomalarda mustaqillik tarafdorlari va unga qarshilar orasidagi farq juda kamligini ko‘rgach, qattiq hayajonlanganini aytgan va natijada oshqozon yarasini orttirib olgani haqida hazillashgan.
Izoh (0)