Litvaning Vilnyus shahri armrestling bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi navbatdagi jahon chempionatiga mezbonlik qildi. Unda sayyoraning 52 davlatidan 1500 nafar qo‘l kurashi ustalari ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Olamsport”.
O‘zbekiston sharafini Qurbon Konishev boshchiligida himoya qilgan terma jamoa ikkitadan kumush va bronza medallarga egalik qilgan holda O‘zbekistonga qaytib keldi.
Yangilangan tarkib, qolaversa, yoshlardan iborat O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan aka-uka Muhammadamin Ne’matullayev (65 kg) hamda Sulton Ne’matullayev (80 kg) har ikkisi ham chap qo‘lda bronza medalga egalik qilgan bo‘lsa, o‘ng qo‘lda 55 kilogramm vazn toifasida Sitora Xo‘jamova hamda 65 kilogrammda Muhammadamin Ne’matullayev finalgacha yetib borib, kumush medalga sazovor bo‘ldi.
“Natijalarimiz bundan-da yuqori bo‘lishi mumkin edi, — dedi federatsiya bosh kotibi Qurbon Konishev. — Biroq biz nomdor sportchilar kuchini emas, yosh iqtidor egalari bo‘lgan yangi tarkibning imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdik.
20 nafarga yaqin shogirdlarimiz uchun aynan ushbu jahon chempionati o‘ziga xos maktab vazifasini o‘tab berdi. Navbatdagi musobaqalarda ular o‘zlarini ko‘rsatishlariga ishonaman”.
Eslatib o‘tamiz, navbatdagi jahon chempionatiga 2015-yilning 21-sentabridan 4-oktabriga qadar Malayziyaning Kuala-Lumpur shahri mezbonlik qiladi.
Izoh (0)