Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi “eng yomon ssenariy”ga tayyorlanib, gazni Rossiya va Yevropadagi omborlarda saqlash hajmini oshiradi. Bu haqda rus gaz konserni rahbarining o‘rinbosari Aleksandr Medvedevning Reuters agentligiga bergan intervyusiga tayanib “Yevropeyskaya Pravda” nashri xabar bermoqda.
“Biz gaz yetkazib berishni kamaytirmadik. Ukraina gazni o‘z omborlariga olib bo‘ldi. Ularda iste’mol darajasi pasayganiga qaramay, bu Ukraina eksport quvuridan gaz o‘zlashtirishiga olib kelishi mumkin. Bunga qarshi biror chora ko‘rish maqsadida biz ham Rossiya, ham Yevropa gaz omborlarida saqlash hajmini ko‘paytirishga qaror qildik”, — dedi Medvedev.
Uning so‘zlariga qaraganda, Yevropa Ittifoqiga qo‘shimcha gaz yetkazib berish faqatgina “Gazprom”ning Yevropadagi yerosti omborlaridan gazni chiqarish evaziga bo‘lishi mumkin. Shunday bo‘lsa ham bu vaziyatni to‘liq qoplash uchun kamlik qiladi.
Shuningdek, Medvedev “Gazprom” o‘zi uchun asosiy bo‘lgan Yevropa bozoriga gaz yetkazib berishni kamaytirmasligini va Rossiya gazi narxi tushmasligini ta’kidladi.
Izoh (0)