Shu yilning avgust oyida munosabatlarini rasmiylashtirgan mashhur Gollivud aktyorlari Bred Pitt va Anjelina Joli nikoh shartnomasini imzoladi. Bu haqda “Segodnya” nashri xabar bermoqda.
Deyarli har bir intervyusida bir-biriga sevgi izhor qilishdan charchamaydigan juftlik nikoh munosabatlariga ancha amaliy jihatdan yondashgan. Shartnoma bandlari yetarlicha keskin ko‘rinish olgan. Masalan, agar Bred Pitt boshqa ayolga qiziqish, yoki undan ham yomoni, boshqasi bilan xiyonat qilishni ixtiyor qilsa, nafaqat katta miqdordagi puldan, balki farzandlariga birgalikda vasiylik qilish huquqidan ham mahrum bo‘ladi.
Umuman, shartnomada moliyaviy masalalar aniq belgilangan. Aktyorlarning munosabatlari boshlanguncha ishlab topgan pullari alohida qismda, keyingi mablag‘lar boshqa qismda ko‘rsatilgan. Joli va Pitt ajrashgan taqdirda ushbu pullarning barchasi ular asrab olgan olti bola o‘rtasida teng taqsimlanadi.
Bundan tashqari, juftlik vasiyatnoma tuzishga ham ulgurgan. Unga ko‘ra ham barcha mablag‘ farzandlar o‘rtasida taqsimlanadi. Aktyorlar hattoki o‘zlarining xayriya jamg‘armalari va bolalari olingan mehribonlik uylarini ham unutmagan.
Izoh (0)