Kataloniya parlamenti aholi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Bu esa 9-noyabr kuni Ispaniya avtonom viloyatining suvereniteti bo‘yicha norasmiy referendum tashkil etish uchun yuridik asos vazifasini o‘tashi mumkin. Bu haqda Euronews xabar bermoqda.
106 nafar deputat qonunni yoqlab, 28 nafari unga qarshi ovoz bergan.
Madrid mazkur tashabbusni noqonuniy deb topdi. Mahalliy hukumat esa markazni demokratiyaga hurmat ko‘rsatishga chaqirmoqda.
“Ispaniya Bosh vaziri Mariano Raxoy o‘zini Devid Kemerondek tutishi lozim. Men uning so‘rovnoma o‘tkazishga qarshilik qilish o‘rniga, ruxsat berishi kerakligini nazarda tutyapman”, — dedi Kataloniya milliy assambleyasi rahbari Karme Forkadel.
Kataloniyadagi konservativ Xalq partiyasi yetakchisi Alisa Sanches Kamacho mintaqaviy parlamentdagi ovoz berish kuniga “demokratiya va barcha ispanlar uchun qayg‘uli kun” deb nom berdi. “Kataloniyaliklardan Ispaniyaning qolgan qismidan ajralishni xohlash-xohlamasliklarini so‘ragan holda noqonuniy referendum o‘tkazish uchun bugun Konstitutsiyaga mutlaq zid bo‘lgan qonun qabul qilindi”, — dedi Alisa Sanches.
O‘z navbatida, Kataloniya hukumati rahbari Artur Mas o‘zining “baxtli” ekanligini yashirmadi. Uning fikricha, qabul qilingan qonun suverenitet tomon harakatlanishni boshlab beradi.
Umumiy hisobda referendum o‘tkazishga Ispaniyadagi eng boy tumanning 80 foizga yaqin aholisi xayrixohlik bildirmoqda.
Izoh (0)