Belorussiya poytaxti Minskda yetti soat davom etgan muzokaralardan so‘ng, Ukraina bo‘yicha kontakt guruhi a’zolari o‘q otishni to‘xtatish rejimini amalga oshirish to‘g‘risidagi memorandumni imzoladi. Muzokaralardan tunga yaqin chiqqan yig‘ilish ishtirokchilari uzoq kuttirib qo‘ygani uchun muxbirlardan uzr so‘rab, Belorussiya tomoniga majlisning yaxshi tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdi. Bu haqda “ITAR-TASS” xabar bermoqda.
Ukrainaning sobiq prezidenti Leonid Kuchma “tomonlar, eng avvalo, qurol ishlatishni to‘xtatish umumiy hisoblanishi”ga kelishib olganini ma’lum qildi.
Shundan kelib chiqib, ular harbiy bo‘linmalar 19-sentabr holatiga ko‘ra qayerda joylashgan bo‘lsa, shu yerda qolishi haqida, shuningdek, har qanday turdagi qurollarni ishlatish va harbiy hujum harakatlarini olib borishni taqiqlash haqida qaror qabul qildi.
“Memorandum 100 milimetrdan katta kalibrli qirg‘in qurollarini ikki tomondan kamida 15 kilometrga ortga surishni, shuningdek, aholi punktlari bor tumanlarga og‘ir qurollar va harbiy texnika joylashtirishni taqiqlashni ko‘zda tutadi”, — dedi Kuchma.
Bundan tashqari, hujjat orqali yangi minali to‘siqlar o‘rnatish, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti qurilmalaridan tashqari barcha harbiy aviatsiya, xususan, uchuvchisiz samolyotlar parvozlarini amalga oshirish taqiqlab qo‘yildi.
Erishilgan kelishuvning bajarilishi ustidan nazorat o‘rnatish vazifasi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga yuklatildi.
Izoh (0)