Toshkent Fotosuratlar uyida “Dilrabo Syamin” deb nomlangan fotoko‘rgazma namoyishi boshlandi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar, Madaniyat va sport ishlari vazirliklari, Xitoyning Syamin shahri ma’muriyati tomonidan tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmaning ochilishiga turli vazirlik va idoralar, O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xalqaro tashkilotlar vakillari, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, ijodkorlar, talabalar taklif etildi.
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi o‘rinbosari J.Mirtojiyev va boshqalar o‘zbek va xitoy xalqlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar ko‘p yillik tarixga ega ekanini ta’kidladi.
“O‘zbekiston — maftunkor diyor, — dedi Xitoyning Syamin shahridagi adabiyot va badiiy to‘garaklar federatsiyasining ijrochi vitse-prezidenti Lin Chi. — Mamlakatingiz boy tarix, madaniyat va san’atga ega ekaniga 2013-yil kuz faslida Syamin shahrida yurtingiz foto va mo‘yqalam ustalari ijodiga mansub ‘Maftunkor O‘zbekiston’ nomli ko‘rgazmada ishonch hosil qilganman. Yurtingizga kelib taassurotlarim tasavvurimdan bir necha marta ortiq ekaniga guvoh bo‘ldim. Mazkur ko‘rgazma xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik bardavomligining yana bir amaliy ifodasidir”.
Syamin — Xitoyning Futszyan provinsiyasidagi boy tarixiy va madaniy merosga ega bo‘lgan shahar. Bugungi kunda Syamin ekobog‘lari, landshaft dizaynli ko‘m-ko‘k maydonlari bilan ham mashhur. Ko‘rgazmada shahar tabiati, me’moriy obidalari, unda istiqomat qilayotgan odamlarning turmush tarzi, an’ana va urf-odatlari aks ettirilgan fotoasarlar namoyish etilmoqda.
Izoh (0)