Andijon viloyati Asaka shahar madaniyat va istirohat bog‘i qayta qurilib, foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vaziri M.Hojimatov va boshqalar Prezident rahnamoligida bunyodkorlik, qurilish-obodonlashtirish va xalq turmush farovonligini yuksaltirish, xususan, aholining mazmunli dam olishi, madaniy hordiq chiqarishi uchun barcha zarur sharoit yaratilayotganini ta’kidladi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 29-dekabrdagi “2011-2015-yillarda madaniyat va istirohat bog‘larining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asosida Andijon viloyatida 25 madaniy dam olish maskanini kapital rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Joriy yilda Baliqchi, Oltinko‘l va Izboskan tumanlari markaziy madaniyat va istirohat bog‘lari to‘liq ta’mirdan chiqarilib, zamonaviy qiyofaga ega bo‘ldi.
Bog‘da barpo etilgan “Kamolot” raqs xiyoboni yoshlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratadi. Ikki mini-futbol va tennis maydonlari, shaxmat-shashka klubi yoshlar ixtiyoriga topshirildi.
Tadbir doirasida “Bilimlar bellashuvi”ning mamlakat bosqichida birinchi o‘rinni egallagan, shuningdek, Xitoyning Nankin shahrida bo‘lib o‘tgan yoshlar olimpiadasida ishtirok etgan asakalik yoshlarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Taniqli san’atkorlar, shahar badiiy jamoalari tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi ishtirokchilar va mehmonlarga xushnudlik bag‘ishladi.
Tadbirda Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov so‘zga chiqdi.
Izoh (0)