Rossiyaga nisbatan shafqatsiz sanksiyalar AQSh tomonidan joriy etilgan kunning ertasiga Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Vashingtonni Moskvani dunyodan, shu jumladan Yevropa Ittifoqidan uzib qo‘yishga urinishda aybladi. Bu haqda Euronews xabar bermoqda.
Lavrov “TV-Sentr” telekanaliga bergan intervyusida “Dunyo bizdan o‘zini olib qochmayapti”, — deb aytib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika Yevropani Rossiyadan (iqtisodiy tomondan) uzib qo‘yish uchun Ukrainadagi vaziyatdan foydalanmoqda.
“AQSh transatlantik savdo va sarmoya hamkorligiga erishish borasida muzokaralar olib borilayotgan bir paytda o‘ziga eng yaxshi sharoitlarni yaratish uchun hozirgi voqealardan foydalanmoqda. Ayni damda bu harakatlar, xususan, AQShning Yevropaga narxi bo‘yicha Rossiya gazi bilan solishtirganda raqobatbardosh bo‘la olmaydigan suyultirilgan tabiiy gazni yetkazib berish borasidagi harakatlari ham faollashdi”, — dedi Rossiya TIV.
O‘z navbatida, Kiyev Ukrainani tashqi olamdan uzib qo‘yish va uning Yevroittifoqqa yaqinlashishiga to‘sqinlik qilishda Rossiyani ayblamoqda. Ukraina Bosh vaziri Arseniy Yatsenyuk esa Ukrainani mustaqil davlat sifatida butunlay yo‘q qilish — Putinning tub maqsadi, deb hisoblamoqda.
Shunga qaramay, Rossiyaning Ukraina janubi-sharqidagi aholi uchun ikkinchi gumanitar yordam kolonnasi Luganskka yetib kelgani haqida xabar berildi.
Izoh (0)