“Metallurg” — “Buxoro” o‘yinini ko‘rib chiqqan Yevropadagi tahlil kompaniyasi Oliy liganing yana bir o‘yini bo‘yicha o‘zining xulosasini taqdim etdi. Dunyoning turli bukmekerlik idoralari bilan hamkorlik qiluvchi mazkur kompaniya tahliliga ko‘ra, Oliy liganing 19-turi doirasida Zominda o‘tkazilgan “So‘g‘diyona” — “Navbahor” o‘yini kelishilgan bo‘lib chiqdi, deb xabar bermoqda Stadion.uz.
Kompaniya xulosasi:
“O‘zbekiston Oliy ligasi.
‘So‘g‘diyona’ (Jizzax) — ‘Navbahor’ (Namangan)
Natija: 5:4 (birinchi bo‘lim: 3:2)
Mazkur o‘yin davomida Osiyodagi bukmekerlik idoralari tomonidan jonli stavkalar qabul qilish jarayonida juda shubhali stavkalar qabul qilingan. Masalan, o‘yinning 69-daqiqasi o‘tib borayotganida (3:3), 188bet bukmekerlik idorasi ‘Navbahor’ga 0,25 ta gol ustunlik berib, ‘So‘g‘diyona’ning g‘alabasi uchun 1,11 koeffitsiyent bergan.
(Gap shundaki, Osiyodagi bukmekerlik idoralarida Asian Handicap deb nomlangan tizim amalda bo‘lib, unda durang uchun stavka qabul qilinmaydi, faqat g‘alaba uchun tikish lozim. Agar o‘yin durang bilan yakunlangan taqdirda ham ‘Navbahor’ g‘alaba qozongan hisoblanadi — 3:3,25)
Taklif qilingan 1,11 koeffitsiyent esa minimal bo‘lib, odatda bunday holatlarda taklif qilinadigan stavkalardan ancha kam (odatda 1,72). Shunga qaramay, barcha pul tikuvchilar ishonch bilan ‘So‘g‘diyona’ning g‘alabasiga stavkalar tikkan. Bunday holat halol va qonuniy o‘tgan o‘yinlarda avval kuzatilmagan edi.
Bundan tashqari, o‘yinda kamida to‘qqizta gol urilishiga tikilgan stavkalar ham katta shubha uyg‘otdi. Ushbu bahs Osiyoning barcha bukmekerlik idoralarida katta shubha tug‘dirgani bois, o‘yin barcha idoralar ro‘yxatidan darhol olib tashlandi. Bu holat esa bukmekerlik kompaniyalari ushbu o‘yinga shubha bilan qaraganidan dalolat beradi va ular mazkur o‘yin uchun mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishni istamadi. Eng katta shubha uyg‘otgan holat o‘z tasdig‘ini topdi — 91-daqiqada Ilhom Komilov ‘So‘g‘diyona’ning g‘alaba to‘pini kiritdi.
Shuningdek, ‘Navbahor’ning ushbu mavsumdagi yana ikkita o‘yini jiddiy shubha ostiga olingan. Tahlil kompaniyasi ishonch bilan ayta oladiki, ‘Navbahor’ mazkur o‘yindan moliyaviy foyda topish maqsadida ‘So‘g‘diyona’ga yutqazib bergan”.
Hozirda O‘FF “Metallurg” — “Buxoro” (4:3) o‘yinini o‘rganmoqda.
Umid qilamiz, O‘FF “So‘g‘diyona” — “Navbahor” (5:4) o‘yinini ham jiddiy o‘rganib chiqadi, deb qayd etdi Stadion.uz.
Izoh (0)