Amerikalik olimlarning yulduzli osmonni o‘rganish borasidagi so‘nggi mashg‘ulotlarida Quyosh tizimi tomon harakatlanayotgan asteroid va meteoritlar oqimi aniqlandi. Jumladan, yaqin 100 yilda Yerda 400 dan ziyod meteorit to‘qnashuvi bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda “Telegraf” nashri xabar bermoqda.
NASA mutaxassislari Yer sayyorasiga 2017—2113-yillarda turli asteroid va meteorlarning shiddatli oqimi kelib urilishini taxmin qilmoqda. Astrofiziklar, o‘z navbatida, bu — jismlarning taxminiy miqdori ekanligi, aslida ular bundan bir necha o‘n karra ko‘p bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
Mazkur kosmik jismlarning tezligi juda katta bo‘lib, hozirgi qurilmalar osmonning har bir qismini qamrab olishga ojizlik qiladi. Аstrofizik Brayan Koksning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu sabab tufayli olimlar 2014 EC nomli asteroidni Yerga 60 ming kilometr yaqinlikka kelishidan bor-yo‘g‘i uch oy oldin payqagan.
Mutaxassislar hisoblab chiqib, 100 yilda Yerga o‘rtacha diametri 100 metrni tashkil etadigan 400 dan ziyod meteor qulashini aniqladi. Bunday katta miqdor esa yer atmosferasining buzilishiga sabab bo‘ladi.
Mutaxassislar diametri 200 metrdan oshadigan asteroid va meteorlar esa Yer sayyorasini “tozalab yuborishi”ni taxmin qilmoqda.
Ayni damda ispaniyalik olimlar La Sagra observatoriyasida 2012 DA14 asteroidi harakat yo‘nalishini kuzatyapti. Olimlar mazkur kosmik jismning Yer atmosferasiga kirmay, uni chetlab o‘tishiga ishonch hosil qilmoqchi. Shunga qaramay, hozirda mazkur asteroidning ma’lum bir qismi atmosferaning yuqori qatlami bilan to‘qnashishi borasidagi ehtimol saqlanib qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, bundan avvalroq, XX asr boshlarida Sibir hududiga Tungus meteori qulagan edi. U odam kam istiqomat qiladigan hududga tushgani uchun minglab kishilar hayoti saqlanib qolgan.
Izoh (0)