Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin javob sanksiyalari shunchaki jahl ustida emas, mahalliy ishlab chiqarish foydasi uchun xizmat qilsagina joriy etilishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, RF hukumati ayni damda shu masalani ko‘rib chiqmoqda, deb xabar berdi “Vesti”.
Rossiya rahbari sanksiyalar nafaqat joriy etilayotgan mamlakat, balki ularni kiritgan davlat iqtisodiyotiga ham salbiy ta’sir o‘tkazishini qayd etdi.
“Agar hukumat mazkur qadam (javob sanksiyalari) iqtisodiyotimiz manfaatlariga mos kelishi haqida xulosa qilsa, biz uni amalga oshiramiz, — deya “ITAR-TASS” Putin so‘zlaridan iqtibos keltirdi. — Biroq bu ish o‘zimizni ko‘rsatib, albatta qo‘rslik bilan javob qaytarish va natijada jabr ko‘rish uchun kerak bo‘lsa, demak, biz uni (sanksiyalarni) joriy qilmaymiz”.
Nashrda qayd etilishicha, hozirga qadar aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilmagan. “Qanday aniq qadamlar bajarilishi yoki ularning umuman bajarilmasligi haqida hukumat o‘ylab ko‘rib, takliflarini beradi”, — dedi Putin.
Shuningdek, Rossiya prezidenti Yevropa Ittifoqi kiritgan yangi sanksiyalarni “g‘alatiroq ko‘rinishga ega” ekanligini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, Yevroittifoqning RFga qarshi yangi sanksiyalari 12-sentabr kuni kuchga kirdi. Ukrainadagi “Batkivshchina” partiyasi yetakchisi Yuliya Timoshenko esa G‘arb davlatlarini Rossiyaga yanada kuchli sanksiyalar kiritishga chaqirdi.
Izoh (0)