11-sentabr kuni “Matbuot tarqatuvchi” aksiyadorlik kompaniyasi O‘zbekiston aloqa tarixi muzeyida “Bosma OAVlari tizimini rivojlantirishga qaratilgan choralarni bajarish, obuna narxlarini pasaytirish va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga yo‘naltirilgan vazifalarni amalga oshirish” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumanini o‘tkazdi. Bu haqda UzReport axborot agentligi xabar bermoqda.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi xodimlari, “Matbuot tarqatuvchi” aksiyadorlik kompaniyasi va OAVlari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda “Matbuot tarqatuvchi” kompaniyasining asosiy vazifalarini bajarish maqsadida ishlab chiqilgan 2011—2014-yillar uchun vaqtli matbuotni tarqatish sohasini rivojlantirish dasturi bo‘yicha belgilangan muddat davomida mamlakatdagi 737 matbuot do‘konlari ta’mirlangani, 218 tasida qaytadan ta’mirlash ishlari olib borilgani qayd etildi. Shuningdek, aholisi zich turar joylarda yangi turdagi 128 ta, poytaxtning markaziy ko‘chalariga esa 85 ta yangi zamonaviy matbuot do‘konchasi o‘rnatilgani ta’kidlandi.
Sohani rivojlantirish va plastik kartochkalarni joriy qilishni kengaytirish dasturi talablaridan kelib chiqib, kompaniya tomonidan savdo tarmog‘iga 270 bank terminallari xarid qilinib, o‘rnatildi.
Shuningdek, o‘quvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida “Matbuot” do‘konchalarida obuna bilan bog‘liq xizmat ko‘rsatish ishlari tashkillashtirildi. Natijada obuna xizmatini taqdim etadigan matbuot do‘konchalari soni 840 ga yetkazildi.
Axborot-telekommunikatsiya texnologiyalari yutuqlaridan foydalangan holda “Matbuot tarqatuvchi” o‘zining akmt.uz saytida kompaniyaning barcha vaqtli matbuoti bilan tanishish imkonini beruvchi maxsus dasturni ishga tushirdi. Shu bilan bir qatorda gazeta va jurnallarga obunani istalgan yerdan amalga oshirish uchun onlayn rasmiylashtirish sharoiti yaratildi.
Bundan tashqari, tadbirda o‘quvchilar obuna uchun to‘lovni Websum tizimi, internet-banking va Click tizimi orqali amalga oshirish imkoniga ega ekanligi qayd etildi.
Izoh (0)