5-sentabr kuni Barselona aeroportidan parvozni boshlagan yekaterinburglik sayyohlar samolyotida yong‘in sodir bo‘ldi. “Transaero” aviakompaniyasiga tegishli mazkur layner bortida bo‘lgan rossiyaliklar so‘zlariga ko‘ra, samolyot uchish yo‘lagidan ko‘tarilayotganda qattiq qasir-qusur ovozi eshitilgan. Bu haqda “Vesti” xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, bortning chap tomonida o‘tirgan yo‘lovchilar samolyot yerdan ko‘tarilishi bilanoq chap dvigateldan chaqnagan olov guvohi bo‘lgan. “Alanga to‘rt metrga yaqin uzunlikda edi”, — dedi yo‘lovchilardan biri.
Bu vaqtda uchuvchilar “Boing”ning buzilgan dvigatelini o‘chirgan, yo‘lovchilarga aeroportga qaytishga qaror qilinganini aytib, ulardan o‘z joyida qolishlarini so‘ragan.
Biroq samolyot qo‘nishi uchun yoqilg‘ining barchasini sarflash lozim bo‘lgan. Natijada layner bir soat atrofida dengiz bo‘ylab parvoz qilgan.
Bir dvigateli ishlamayotgan samolyot g‘ira-shira paytda aeroportga qo‘nganda, uni favqulodda holat xizmatlariga tegishli ko‘plab mashinalar kutib oldi.
Layner yo‘lovchilari esa bir kun o‘tib, Moskva orqali Yekaterinburgga jo‘natilgan. Ura.ru portali ma’lumotiga ko‘ra, samolyot bortida 171 kishi bo‘lgan.
“Transaero” vakillari axborotiga ko‘ra, olov o‘ng dvigateldagi nosozlik uning ish faoliyatidagi gaz-dinamik chidamlilikning buzilishi natijasida yuzaga kelgan. Ayni damda bu nosozlik sabablari maxsus komissiya tomonidan o‘rganilmoqda.
Aviakompaniya xodimlarining ta’kidlashicha, samolyot dvigateli tekshiruv uchun uni ishlab chiqargan General Electric kompaniyasiga jo‘natiladi.
Bortda bo‘lgan aviakompaniya xodimlaridan biri yo‘lovchilarning sovuqqonligidan hayron bo‘lganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, hodisa sodir bo‘lgan vaqtda yo‘lovchilar tinchlik saqlagan holda rasm va videoga olish bilan band bo‘lgan. Shunday videoroliklardan biri YouTube’ga joylangan.
Izoh (0)