5-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining byudjet va iqtisodiy islohotlar bo‘yicha qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda 2014-yil birinchi yarim yilligida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining bajarilishi bilan bog‘liq hisobot ko‘rib chiqildi. Bu haqda UzReport axborot agentligi xabar bermoqda.
Qo‘mita raisi B. Iminov tomonidan boshqarilgan majlisda deputatlar, vazirliklar va qo‘mitalar rahbar va mutaxassislari, OAVlari vakillari ishtirok etdi.
Majlisda 2014-yil uchun tuzilgan iqtisodiy dasturning asosiy yo‘nalishlarini va iqtisodiyotni rivojlantirish bilan bog‘liq boshqa dasturlarni amalga oshirish joriy yilning ilk olti oyida asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning yuqori o‘sish darajasini saqlab qolishga xizmat qilgani ta’kidlandi.
Xususan, 2014-yil birinchi yarim yilligida yalpi ichki mahsulot 8,1 foizga o‘sgan. Inflyatsiya darajasi esa qilingan prognozlardan oshmagan.
Hisobotda ma’lum qilinishicha, belgilangan vaqt mobaynida mashinasozlik va metall ishlab chiqarish (o‘sish sur’ati 117,1 foiz), qurilish xom-ashyosi sanoati (113,1 foiz), yengil sanoat (112,7 foiz), paxtani qayta ishlash (122,1 foiz) trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish (122,3 foiz), tikuvchilik (113,6 foiz), tibbiyot (112,8 foiz), qora metallurgiya (110,3 foiz) va oziq-ovqat sanoati (107,0 foiz) kabi sohalarda katta o‘sish kuzatilgan.
Iqtisodiyotning barqaror o‘sish sur’atlari makroiqtisodiy barqarorlik bilan ta’minlanib, tashqi savdo ayirboshlash narxi 482,1 million dollarga teng bo‘lgani ma’lum qilindi. Hisobot berilgan davr mobaynida 506,4 mingdan ziyod, shu jumladan, qishloq joylarda 303,2 ming yangi ish o‘rni yaratilgan.
2014-yil birinchi yarim yilligida Davlat byudjeti daromadlari YaIMga nisbatan 24,1 foizni, xarajatlar esa 24,0 foizni tashkil etib, Davlat byudjeti YaIMga nisbatan 0,1 foizlik profitsit bilan bajarilgani qayd etildi.
Shuningdek, majlisda hisobot berilgan davrda asosiy e’tibor Davlat byudjetining ijtimoiy yo‘nalishlari hisoblangan ta’lim, sog‘liqni saqlash, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kabi sohalarga berilgani ta’kidlandi.
Bundan tashqari, yig‘ilishda Davlat Soliq va Bojxona qo‘mitalari, “O‘zkimyosanoat” kompaniyasi va “O‘zpaxtasanoat” ittifoqi javobgar rahbarlarining byudjetga vaqtida to‘lanmagan soliq borasidagi ma’lumoti tinglandi.
Majlis so‘ngida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan qo‘mitaning kerakli qarorlari qabul qilindi.
Izoh (0)