Samsung kompaniyasi IFA-2014 ko‘rgazmasi davomida yangi Galaxy Note 4 va Galaxy Note Edge planshetofonlarini taqdim etibgina qolmay, yana bir gadjet – Galaxy Tab Active planshetini ham e’lon qildi. Bu haqda Phonearena.com sayti ma’lumotiga asoslanib “Parol” nashri xabar berdi.
Galaxy Tab Active kompaniyaning ilk suv va changga chidamli plansheti hisoblanadi. Unda 8 dyuym, 800×1200 pikselli displey, C-Pen gadjeti, 1,2 megapikselli old va 3,1 megapikselli orqa kamera, 1,5 Gb tezkor va kengaytirish mumkin bo‘lgan 16 Gb ichki xotira, 1,2 GGs chastotaga ega to‘rt yadroli protsessor o‘rnatilgan. U Android KitKat 4.4 operatsion tizimi va LTE modulida ishlaydi.
Tinimsiz ishlatilganda 10 soatga yetadigan 4450 mA·soat quvvatga ega batareyasini almashtirish ham mumkin. Uning o‘lchamlari 213,1×126,2×9,75 millimetrni, og‘irligi esa 393 grammni tashkil etadi.
Planshet qo‘shimcha himoya qoplamasi bilan qoplangan va u 1,2 metr balandlikdan tushib ketsa ham unga hech narsa qilmaydi. Hozircha, ushbu gadjet qachon va qancha narxdan sotuvga chiqishi haqida ma’lumotlar yo‘q.
Galaxy Tab Active planshetining boshqa suratlarini “Parol” nashridagi ushbu sahifa orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Izoh (0)