AQShning Kolorado-Springs shahrida paralimpiyachilar o‘rtasida dzyudo kurashi bo‘yicha Jahon chempionati bahslari boshlandi. Mazkur jahon chempionatida 81 davlatdan kelgan 500 nafardan ziyod sportchi jahon chempionatining sovrinli o‘rinlari hamda 2016-yil Rio-de-Janeyro shahri (Braziliya)da o‘tkaziladigan XV yozgi Paralimpiya o‘yinlari yo‘llanmalarining reyting ochkolari uchun kurash olib boradi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi.
Mazkur jahon chempionatida O‘zbekiston sharafini 15 nafar sportchi (10 vazn toifasida) himoya qilmoqda.
E’tiborlisi, jahon chempionatining birinchi kunidayoq O‘zbekiston dzyudochilari ikkita kumush va uchta bronza medalga sazovor bo‘ldi. Vazni 60 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar musobaqasida buxorolik Shuhrat Bafoyev O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga dastlabki kumush medalni keltirgan bo‘lsa, samarqandlik O‘tkir Nig‘matov (-66 kg) ham o‘z vazn toifasida finalga qadar kechgan bahslarni mag‘lubiyatsiz yakunlab, kumush medal sovrindori bo‘ldi. Jahon chempionatining bronza medallariga Sherzod Namozov (-60 kg), Nurbek Berdiyorov (-66 kg) va Feruz Saidov (-73 kg) sazovor bo‘ldi.
Bugun O‘zbekistonning to‘rt nafar vakili -81, -90, -100 va +100 kg vazn toifasida o‘tkaziladigan musobaqalarda gilamga tushadi.
Izoh (0)