15-sentabr kuni Janubiy Koreyaning Incheon shahrida start oladigan Osiyo O‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi 4-sentabr kuni Toshkentda Iordaniya milliy terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvini o‘tkazdi va 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bu haqda O‘FF rasmiy sayti xabar berdi.
Terma jamoalar tarkibi:
O‘zbekiston: Eldor Suyunov, Yegor Krimets, Islom To‘xtaxo‘jayev, Davron Hoshimov (Vohid Shodiyev, 73), Vladimr Kozak, Azamat Isroilov (Salim Mustafoyev, 55), Fozil Musayev (Akbar Ismatullayev, 69), (Dilshod Jo‘rayev, 86), Sardor Rashidov, Jamshid Iskanderov (Bobur Yo‘ldoshev, 73), Farhod Tojiyev (Navro‘z Alimov, 46), Igor Sergeyev.Iordaniya: Amir Shafi, Xalil Baniat, Shadi Naomi, Udai Saifi, Mohd Dmeyri, Uday Zahron, Ahmad Hayol, Baho Abdulrahmon, Montezr Amara, Said Hasan, Anas Yassin.
O‘yinning dastlabki daqiqalarida ustunlik Mirjalol Qosimov shogirdlari tarafarida bo‘ldi. Birinchi bo‘limda bir qator xavfli vaziyatlar yaratilgan bo‘lsa ham, hisob ochilmadi.
Ikkinchi bo‘limni ancha faol boshlagan O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchilari 58-daqiqaga kelib hisobni ochishdi. Rashidovning jarima zarbasini iordaniyaliklar darvozaboni qaytardi, ammo qaytgan to‘pni Igor Sergeyev darvozaga joylab qo‘ydi. Uchrashuvga hakam tomonidan qo‘shib berilgan uchinchi daqiqa o‘tib borayotgan vaqtda Dilshod Jo‘rayev Iordaniya terma jamoasi darvozasini ishg‘ol qilib uchrashuvga nuqta qo‘ydi. O‘yin 2:0 hisobida O‘zbekiston terma jamoasi foydasiga hal bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 8-sentabr kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi Toshkentdagi “Paxtakor” stadionida Yangi Zelandiya terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi. Milliy terma jamoa bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov Yangi Zelandiyaga qarshi o‘yinda boshqacha tarkib maydonga tushishini, aytib o‘tgan.
Izoh (0)