2014-yil 31-avgust kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 23 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘iga Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, hukumat a’zolari, O‘zbekiston Qahramonlari, fan va madaniyat, adabiyot va san’at namoyandalari, ishlab chiqarish ilg‘orlari, tadbirkorlar, jamoat tashkilotlari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari, xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari tashrif buyurdi.
Tadbirni ochib berish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov minbarga taklif etildi.
Islom Karimov mustaqillikning yigirma uch yilligi bilan butun O‘zbekiston xalqini muborakbod etdi.
O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangragach, Amir Temurning avlodlariga Vatanni hurlik va obodlikka eltishni, millat dardlariga darmon bo‘lishni vasiyat qilgan ovozi eshitildi. Bu da’vat va ezgu niyatning ijobati sifatida monitorlarda Prezident Islom Karimov 1991-yil 31-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligini e’lon qilgan tasvirlar namoyon bo‘ldi.
Bayram tantanalarini shodlikka to‘ldirgan bolajonlarning qo‘shiqlari davom ettirdi.
Sahnaga yaqinda Xitoyning Nankin shahrida o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi II Olimpiya o‘yinlarida g‘olib bo‘lgan yosh sportchilar kirib keladi.
Harbiy orkestr sadolari ostida maydonda Vatan himoyachilari saf tortdi. Mustaqillikning mustahkam qalqonlari “Tinchliging asraymiz, muqaddas Vatan!” deya kuyladi.
Sahna ortidan o‘qilgan “Kim edigu kim bo‘ldik?” she’ri o‘qilayotganda monitorlarda O‘zbekistonning zafarli odimlari, yigirma uch yillik tarix zarvaraqlari, betakror tabiat, mehnatsevar O‘zbekiston xalqi siymosi aks etdi.
“O‘zbekiston mustaqilligi bayramida yana bir bor ishtirok etayotganimdan mamnunman, — deydi Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litsze. — Bayram tantanasidagi ko‘tarinki ruh, odamlar yuz-ko‘zidagi quvonch va shodlik yurtingizdagi to‘kinlik, farovonlik, tinch va osuda hayot ifodasidir. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston xalqini mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman, baxt-saodat tilayman!”
Izoh (0)