Rossiya prezidenti Birlashgan Millatlar Tashkilotini isloh qilish lozim, deb hisoblaydi. Biroq bu ish ikki majburiy shartlarga rioya qilgan holdagina amalga oshirilishi mumkin. Bu haqda Vladimir Putinning “Seliger” nomli yoshlar anjumanida so‘zlagan nutqiga asoslanib, “ITAR-TASS” xabar bermoqda.
RF rahbarining so‘zlariga ko‘ra, islohot, eng avvalo, o‘zaro kelishuv natijasi bo‘lishi lozim. Ishtirokchilarning ko‘pchiligi qayta tashkil etishga rozilik bildirishi kerak.
“BMT samaradorligining fundamental asoslari, xususan, Xavfsizlik kengashi huquqlari hamda uning sanksiya kiritish va, ayniqsa, qurolli kuchlardan foydalanish bilan bog‘liq alohida imtiyozlari saqlanib qolinishi — ikkinchi majburiy shart hisoblanadi. Bu qarorlar xalqaro munosabatlar ishtirokchilari uchun majburiydir. Mazkur mexanizmlarning buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Aks holda, BMT Millatlar ligasiga aylanib qoladi”, — deydi Putin.
Rossiya yetakchisi BMTning har doim ham samarali harakat olib bormasligi haqidagi fikrga qo‘shildi. Shuningdek, u BMT doirasidan tashqarida qabul qilingan qarorlar muvaffaqiyatsizlikka mahkum ekanligini ta’kidladi. Prezidentning “Menda shunday taassurot qoldiki, amerikaliklar nimaga aralashsa, u yerda Liviya yoki Iroq vaziyati yuzaga keladi”, — degan so‘zlari katta olqishlar bilan kutib olindi.
“Muammolar faqat bir tomonlama hal qilinsa, u uzoqqa cho‘zilmaydi, aksincha, BMTda bir-biriga zid fikr va pozitsiyalar to‘qnashishi tufayli murosaga kelish qiyin kechadi. Biroq bu uzoq muddatli yechimga erishishning yagona yo‘lidir”, — deydi Rossiya rahbari.
Izoh (0)