Janubiy Afrika Respublikasi Oliy sudi mamlakat prezidenti Jeykob Zumaga uning korrupsiya bo‘yicha aybsiz ekanligini isbotlovchi telefondagi muzokaralar yozuvini ommaga oshkor qilish majburiyatini yukladi. Bu haqda The Guardian xabar bermoqda.
Nashrda qayd etilishicha, JAR aholisining o‘zigina prezidentining aybsiz yoki aybdorligi bilan bog‘liq yakuniy xulosaga kelishi mumkin. Shunga qaramay, mamlakat rahbarining huquqshunoslari telefon yozuvlarining ommaga taqdim etilishiga qarshi chiqdi. Ularning fikricha, oppozitsion kuchlar mazkur ma’lumotlardan Zumaga qarshi foydalanishi mumkin.
Bu yerda gap 2007-yilda qurolli kuchlar tuzilmalari va prokuratura vakillari o‘rtasida telefonda bo‘lib o‘tgan suhbat haqida ketmoqda. Unda, xususan, Zuma bilan bog‘liq jinoiy ishlar uning prezident bo‘lishidan-da avvalroq o‘ylab topilgani muhokama qilingan. Bu ishlar Zumaning mamlakat rahbari bo‘lishiga xalaqit berish maqsadida amalga oshirilgan.
Korrupsiyada ayblangan Jeykob Zumadan 2009-yilda barcha ayblovlar olib tashlandi. Biroq nashrning ma’lum qilishicha, unga qarshi qaytadan 700 dan ziyod jinoiy ish qo‘zg‘atilishi mumkin.
Zuma ilk bor 2005-yilda korrupsiyada ayblangan. Shundan so‘ng, u nomusga tegishda gumon qilingan, ammo bu borada qo‘zg‘atilgan jinoiy ish keyinchalik to‘xtatilgan. Joriy yilning mart oyida esa JAR huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan mamlakat prezidenti o‘z qarorgohini qayta ta’mirlash uchun davlat byudjetining 23 million dollarini sarflab yuborganlikda ayblandi.
Izoh (0)