Xitoyning Nankin shahrida o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan II yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilib, to‘rtta oltin, uchta kumush va uchta bronza medalga sazovor bo‘lgan sportchilar 29-avgust kuni O‘zbekistonga qaytib keldi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi.
Toshkent xalqaro aeroportiga 204 davlat vakillari qatnashgan mazkur yirik sport musobaqasida muvaffaqiyatli ishtirok etgan o‘zbekistonlik yosh sportchilarni munosib kutib olish maqsadida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilar, olimpiadachilarning ota-onalari, jurnalistlar peshvoz chiqdi.
“Olimpiadada yuqori natijalarni qo‘lga kiritib, Vatanimizga yorug‘ yuz bilan qaytib kelganimizdan baxtiyormiz. Sportni rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishimiz, xalqaro maydonlarda yuksak g‘alabalarga erishishga qodir sportchi bo‘lib voyaga yetishimizga qaratayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rligi uchun Prezidentimizdan behad minnatdormiz. Biz olimpiada o‘yinlarida bir jamoa bo‘lib harakat qildik va o‘z maqsadimizga erishdik”, — deydi boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida Osiyo va jahon chempioni, II o‘smirlar Olimpiada o‘yinlari g‘olibi Bektemir Meliqo‘ziyev.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A. Ikromov va O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Kasimov so‘zga chiqdi.
Eslatib o‘tamiz, Nankin Olimpiadasida bokschi Bektemir Meliqo‘ziyev, yunon-rum kurashi ustasi Ilhom Bahromov, dzyudochi Suhrob Tursunov va o‘q otish bahslarida qatnashgan Vladimir Svechnikov shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.
Izoh (0)