Turkmaniston joriy yilning so‘ngiga qadar o‘zining milliy aloqa kosmik tizimini yo‘lga qo‘yish va birinchi yo‘ldoshini fazoga uchirish uchun jadal sur’atlarda ish olib bormoqda. Bu haqda Turkmaniston hukumati tomonidan juma kuni tarqatilgan axborotga tayanib, “Xronika Turkmenistana” nashri xabar bermoqda.
Loyiha fransuz-italyan Thales Alenia Space hamda Space Systems International-Monaco S.A.M. kompaniyalari tomonidan amalga oshirilmoqda.
“2014-yil ikkinchi yarmida uchirilishi rejalashtirilgan, bir qancha maqsadga yo‘naltirilgan o‘zimizning kosmik qurilmamizdan foydalanish sifatli va ishonchli aloqani yo‘lga qo‘yish hamda kanallar sonini ko‘paytirish imkonini beradi. Shuning bilan birgalikda u iqtisodiy foyda keltiradigan qadam hamdir”, — deyiladi Turkmaniston hukumati bayonotida.
Ma’lum qilinishicha, ayni damda kerakli uskunalarni montaj qilish jarayoni yakunlangan bo‘lib, yo‘ldoshning ishchi modellari sinovdan o‘tkazilmoqda.
Yo‘ldoshning uchirilishi fazo bilan bog‘liq ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishni ham ko‘zda tutadi. Shuningdek, u aloqa va internet, televideniye va boshqa sohalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Mamlakatning geografik joylashuvi sababli yangi sun’iy yo‘ldosh Turkmanistonga Yevropa va Osiyo kanallarini namoyish etishda tranzit mamlakatga aylanish imkonini ham beradi.
Izoh (0)